O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ixtisoslashtirilgan maktab-internati USTAVI

1. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ixtisoslashtirilgan maktab-internati (bundan buyon matnda maktab-internat deb yuritiladi) ichki ishlar organlarining, birinchi navbatda, xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan, shuningdek, xizmatni o‘tash davomida olgan yaradorligi, kontuziyasi, kasalligi va jarohatlanganligi oqibatida nogironlikka uchragan yoki vafot etgan harbiy xizmatchi va xodimlarining (keyingi o‘rinda xodimlar deb ataladi) farzandlariga ta’lim va tarbiya beradigan hamda ularni ijtimoiy-huquqiy himoya qiladigan umumta’lim muassasasi hisoblanadi.
2. Maktab-internat o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oliy Majlis palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari 
va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Ichki ishlar vazirligining buyruq va qarorlariga, ushbu Ustavga amal qiladi.
3. Maktab-internatda o‘quvchilar 5-sinfdan 9-sinfgacha belgilangan umumta’lim dasturlari asosida, sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlariga muvofiq o‘qish va yashash uchun zarur shart-sharoitlar, tibbiy xizmat bilan bepul ta’minlangan holda doimiy yashab ta’lim oladilar.
4. Maktab-internat faoliyatiga rahbarlik qilish va nazoratni tashkil etish, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
5. O‘quv-tarbiya jarayoni samaradorligini oshirishga metodik yordam ko‘rsatish, darsliklar va o‘quv-metodik adabiyotlar, mulьtimedia vositalari bilan ta’minlash, shuningdek, pedagog kadrlar malakasini oshirishni tashkil etish – O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi hamda Toshkent shahar xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi tomonidan amalga oshiriladi.
6. Maktab-internat xodimlari mehnatiga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan Xalq ta’limi vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlanadi.
7. Maktab-internatning shahodatlangan xodimlari qonun hujjatlarida ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila a’zolari uchun belgilangan barcha turdagi huquq va imtiyozlardan foydalanadi.
8. Maktab-internat yuridik shaxs hisoblanadi, o‘z ustavi, shaxsiy g‘azna hisobvaraqlari, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan 
va o‘z nomi ko‘rsatilgan muhr, o‘z nomi yozilgan shtamplar, blankalariga ega bo‘ladi.
9. Maktab-internat berilgan moddiy-texnik bazasini saqlab qolish, mustahkamlash va rivojlantirish tadbirlarini amalga oshiradi, shuningdek ajratilgan mablag‘lardan oqilona va samarali foydalanishni nazorat qiladi.
10. Maktab-internatning rasmiy nomlanishi:
a) davlat tilida:
to‘liq nomi — «O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ixtisoslashtirilgan maktab-internati»;
b) rus tilida:
to‘liq nomi — «Spetsializirovannaya shkola-internat Ministerstva vnutrennix del Respubliki Uzbekistan»;
v) ingliz tilida:
to‘liq nomi — «Specialized boarding school of the Ministry of Internal Affairs of the Republic of Uzbekistan».
11. Maktab-internatning joylashgan manzili (pochta manzili): Toshkent shahar, Uchtepa tumani, M. Shayxzoda ko‘chasi, 64-uy.

12. Maktab-internatning asosiy maqsadi:
ichki ishlar organlarining, birinchi navbatda, xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan, shuningdek, xizmatni o‘tash davomida olgan yaradorligi, kontuziyasi, kasalligi va jarohatlanganligi oqibatida nogironlikka uchragan yoki vafot etgan harbiy xizmatchi va xodimlarining (keyingi o‘rinda xodimlar deb ataladi) farzandlariga ta’lim va tarbiya berish hamda ularning ijtimoiy-huquqiy himoya qilinishini ta’minlash;
o‘quvchilarni umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standarti talablariga muvofiq sifatli o‘qitishni tashkil etish, ularning O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademik litseylari va harbiy akademik litseylarda o‘qishni davom ettirishlari uchun zarur va etarli bo‘lgan chuqurlashtirilgan nazariy va kasbiy tayyorgarligini ta’minlash;
ta’lim jarayoniga milliy, umuminsoniy va ma’naviy qadriyatlar, tarixda ajdodlarimiz ko‘rsatgan jasorat va bugungi kundagi O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining qahramonlik an’analari asosida o‘quvchilarni tarbiyalashning samarali shakllari va usullarini joriy etishdan iborat.
13. Maktab-internatning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
o‘quvchilarning davlat ta’lim standartlari talablari asosida chuqur bilim olishlarini ta’minlash;
o‘quv tarbiya jarayoniga o‘qitishning zamonaviy ilg‘or shakllarini, yangi pedagogik va axborot texnologiyalarini, o‘quvchilarning o‘quv, psixologik
va jismoniy yuklamasini optimallashtirishni hisobga olgan holda ta’lim-tarbiyaning samarali shakllari va usullarini joriy etish;
ta’lim jarayoniga milliy, umuminsoniy va ma’naviy qadriyatlar, tarixda ajdodlarimiz ko‘rsatgan jasorat va bugungi kundagi O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining qaxramonlik an’analari asosida o‘quvchilarni tarbiyalashning samarali shakllari va usullarini joriy etish;
o‘quvchilarning iste’dodini har tomonlama kamol toptirish, madaniy saviyasini yuksaltirish;
o‘quvchilarda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini hurmat qilish, ular bilan xushmuomala bo‘lish madaniyatini shakllantirish;
o‘quvchilarda jismoniy chidamlilik, kuch, chaqqonlik va tezkorlikni rivojlantirish;
o‘quvchilarni keyinchalik o‘qishni Ichki ishlar vazirligi ta’lim muassasalarida davom ettirish uchun tayyorlash;
maktab-internat jamoasi o‘rtasida sog‘lom ma’naviy-axloqiy muhitni yaratish;
o‘quv va moddiy-texnik bazani zamonaviy talab va standartlarga muvofiq mustahkamlash va takomillashtirish.
14. Maktab-internat zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funktsiyalarni amalga oshiradi:
davlat ta’lim standartlari va o‘quv rejasiga muvofiq ta’lim jarayonini tashkil etish;
o‘qitishni ilg‘or shakllar va usullar, pedagogik, kompьyuter va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali tashkil etish;
o‘quv jarayoni talabidan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi ilmiy-pedagog xodimlari bilan hamkorlikda zarur o‘quv
va ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashrga tayyorlash;
respublika olimlari, shoir va yozuvchilar, taniqli adiblar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faxriylari ishtirokida uchrashuvlar, davra suhbatlari, konferentsiyalar tashkil etish;
iqtidor va iste’dodni aniqlash hamda kamol toptirish bo‘yicha o‘quvchilarni fanlar olimpiadalari, tanlovlar, sport musobaqalar va boshqa tadbirlarda qatnashishga tayyorlash;
o‘quvchilarning iqtidori va kamol topishi dinamikasining psixologik-pedagogik diagnostikasini amalga oshirish;
maktab-internat bitiruvchilari to‘g‘risida doimiy ravishda yangilanadigan ma’lumotlar bazasi faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash.

15. Maktab-internatga o‘qishga har yilgi qabul kvotasi 50 nafar o‘quvchini tashkil etib, uning 80 foizi xodimlar va 20 foizi boshqa fuqarolar farzandariga taqsimlanadi. Mavjud ehtiyojdan kelib chiqib, qabul kvotasiga o‘zgartirishlar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Moliya vazirligi tomonidan kiritiladi.
16. Maktab-internatda o‘qishga xodimlar va boshqa fuqarolarning umumta’lim muassasalarida 4-sinfni tamomlagan farzandlari (o‘g‘il bolalar) har yilgi qabul kvotalariga muvofiq tanlov asosida qabul qilinadi. Bunda, jamoat tartibini saqlashda, jangovar harakatlarda, terrorchilikka qarshi operatsiyalar o‘tkazishda, favqulodda holat tartibini huquqiy ta’minlash va ularning oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan vaqtda halok bo‘lgan xodimlarning farzandlari o‘qishga tanlovsiz qabul qilinadi.
17. Maktab-internatning 9-sinf bitiruvchilari qonun hujjatlarida belgilangan talab va imtiyozlar asosida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining akademik litseylariga o‘qishga qabul qilinadi.
18. Maktab-internatning O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademik litseylariga o‘qishga kirish bo‘yicha belgilangan talablarga javob bermaydigan yoki ushbu akademik litseylarda o‘qishni davom ettirish istagini bildirmagan 9-sinf bitiruvchilari belgilangan tartibda o‘zlarining doimiy yashash manzilida joylashgan umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-sinflarida o‘qishni davom ettirishi yoki boshqa akademik litseylarga o‘qishga kirish uchun saralash imtihonlarida ishtirok etishlari mumkin.
19. Maktab-internatga o‘quvchilarni o‘qishga qabul qilish va ularning hujjatlarini rasmiylashtirish, o‘quvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va ularning o‘qishini ko‘chirish qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

20. Maktab-internatga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor bevosita rahbarlik qiladi.
21. Direktor maktab-internatda umumiy rahbarlikni amalga oshiradi, yuklatilgan vazifalar va funktsiyalarning bajarilishi, ushbu Ustavga rioya qilinishi uchun shaxsan javob beradi.
22. Direktor maktab-internat nomidan ish ko‘radi, uning manfaatlarini ifodalaydi, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda maktab-internatning mol-mulkini tasarruf etadi va shartnomalar tuzadi.
23. Direktor:
maktab-internat o‘quvchilarining sifatli o‘qitilishi va tarbiyalanishi, o‘quv rejalari va dasturlarining bajarilishi, maktab-internatning o‘quv-metodik
va moliyaviy-xo‘jalik faoliyati uchun mas’ul hisoblanadi;
o‘quv-tarbiya jarayonini rejalashtiradi va tashkil qiladi, uning olib borilishi va natijalarini, o‘quv dasturlarining bajarilishini nazorat qiladi, bolalikni va mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishiga, o‘quvchilarning ovqatlanishiga javob beradi, sinfdan tashqari ishlarni tashkil qilish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi;
maktab-internat xodimlarining vazifalari va xizmat majburiyatlarini belgilaydi;
o‘z vakolati doirasida maktab-internatning ta’lim oluvchilar va barcha xodimlari uchun majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqaradi va ko‘rsatmalar beradi;
moddiy-texnik bazani mustahkamlash, o‘quv-tarbiya ishlarini takomillashtirish, malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash va maktab-internat faoliyatining boshqa masalalari bo‘yicha takliflar kiritadi;
maktab-internatning tarkibiy bo‘linmalari va jamoat tuzilmalarining vazifalarini belgilaydi va ular to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlaydi;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda maktab-internatga ishga qabul qiladi va ishdan bo‘shatadi;
belgilangan xodimlar soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida pedagog xodimlarning tarifikatsiya bo‘yicha ro‘yxatlarini O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Moliya va moddiy-texnika ta’minoti bosh boshqarmasi bilan kelishgan holda tasdiqlaydi.
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
24. Maktab-internat direktorining o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasi bilan kelishilgan holda maktab-internat direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.

25. Maktab-internat xodimlarining attestatsiyasi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘tkaziladi.
26. Maktab-internatda o‘quvchilarning salomatligini saqlash va mustahkamlash, o‘quvchilarning o‘qish, dam olish va ovqatlanishi bo‘yicha belgilangan normalar hamda sanitariya-gigiena qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
27. Maktab-internat o‘z faoliyatida kalendarь yili va o‘quv yili yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasi boshlig‘iga hisobot beradi.
28. Tegishli ma’lumotga, kasbiy tayyorgarlikka va yuksak axloqiy sifatlarga ega bo‘lgan shaxslar maktab-internatda pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga egadirlar.
29. Ishga qabul qilinuvchining huquq va majburiyatlari, haq to‘lash va ishni tashkil qilish sharoitlari O‘zbekiston Respublikasiing Mehnat kodeksi, boshqa qonun hujjatlari va maktab-internatning shtat jadvaliga ko‘ra amalga oshiriladi.
30. Maktab-internat pedagog xodimlarining vazifalari:
pedagogik mehnat va o‘quv-tarbiyaviy jarayon yuqori darajada sifatli bo‘lishini ta’minlash;
o‘quvchilarda mustaqillik, tashabbuskorlik, ijodiy qobiliyat, kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish;
o‘quvchilarning yo‘naltirilgan fanlarga qiziqishlarini kuchaytirish;
o‘quv dasturini va ilg‘or pedagogik texnologiyani ishlab chiqishda faollik ko‘rsatish;
iqtidorli o‘quvchilarga bilimlarini chuqurlashtirishlariga yordam berish
va ularga psixologik hamda pedagogik uslubiy sharoitlarni yaratib berishda faol qatnashish.
31. Ma’muriy xo‘jalikdagi yordamchi xodimlarning huquq va vazifalari direktor tomonidan tasdiqlangan yo‘riqnomalar va ichki tartib-qoidalar asosida belgilanadi.

32. Maktab-internat o‘quvchilarining huquqlari quyidagilardan iborat:
fan, texnika va madaniyatning zamonaviy taraqqiyoti darajasiga mos keluvchi bilimlar olish;
maktab-internatning axborot resurs markazidan, tibbiy, kiyim-kechak, oziq ovqat va boshqa tuzilmalar (shu jumladan laboratoriyalar, o‘quv-metodik xonalar, auditoriyalar, o‘quv va yordamchi binolar, sport inshootlari) xizmatidan bepul foydalanish;
konferentsiya va simpoziumlarda ishtirok etish;
maktab-internat jamoasining ijtimoiy hayotida, sport sektsiyalari
va to‘garaklari ishlarida ishtirok etish;
sport musobaqalarida ishtirok etish uchun maktab-internat direktorining ruxsati bilan xizmat safarlariga chiqish;
maktab-internatga berilgan va O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid kelmaydigan boshqa huquqlar.
33. Maktab-internat o‘quvchilarining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
davlat ta’lim standartlari asosida fanlarni o‘zlashtirish, o‘quv rejasi hamda dasturlarida ko‘zda tutilgan barcha turdagi topshiriqlarni belgilangan muddatlarda bajarish;
O‘zbekiston Respublikasining qonunlari va qonun hujjatlari, Ichki ishlar vazirligining normativ-huquqiy hujjatlari, mazkur Ustav hamda maktab-internat direktorining buyruq va ko‘rsatmalariga qat’iy rioya qilish;
yuksak madaniyatlilik, kamtarlik va vazminlik namunasini ko‘rsatib o‘qish, jamoat joylarida o‘zini munosib tutish;
maktab-internatning mulkini, o‘quv-texnika vositalari va jihozlarni asrash.
34. O‘quvchi ushbu Ustav va maktab-internatning ichki tartib-qoidalarini buzgan taqdirda, o‘rnatilgan tartibda o‘qishdan chetlashtirilishi mumkin.

35. O‘quv-tarbiyaviy ishlar, shuningdek o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish masalalari davlat ta’lim standartlari talablaridan kelib chiqib, maktab-internatning o‘ziga xos xususiyatlari hisobga olingan holda belgilanadi.
36. Maktab-internatda o‘quv-tarbiya jarayoni umumiy o‘rta ta’limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat organlarining normativ hujjatlari asosida tartibga solinadi.
37. Maktab-internat bitiruvchilariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda umumiy o‘rta ma’lumot to‘g‘risidagi shahodatnoma beriladi.
38. Maktab-internatda o‘quvchilar 5-sinfdan 9-sinfgacha belgilangan ta’lim dasturlari asosida, sanitariya normalari va qoidalariga muvofiq o‘qish va yashash uchun zarur shart-sharoitlar, tibbiy xizmat bilan bepul ta’minlangan holda doimiy yashab ta’lim oladilar.
39. Maktab-internatda direktor huzurida o‘quv-tarbiyaviy jarayonni tashkil etish va takomillashtirishga ko‘maklashadigan kollegial organ hisoblanadigan pedagogik kengash tashkil etiladi.
40. Maktab-internat o‘quvchilarini boshqa ta’lim muassasalariga o‘qishini ko‘chirish umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun belgilangan normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq amalga oshiriladi.
Boshqa umumiy o‘rta ta’lim muassasalaridan mazkur Ustavda ko‘zda tutilgan toifadagi o‘quvchilarning o‘qishini maktab-internatga o‘qishini ko‘chirish O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ruxsati bilan amalga oshiriladi.
41. O‘quv-tarbiya jarayoni davlat va rus tillarida olib boriladi.
42. Maktab-internatda o‘qitish, jismoniy tayyorgarlik, dam olish va turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni birgalikda olib borishning tibbiy-pedagogik asoslanishini ta’minlaydigan kun tartibi o‘quvchilarning kecha-kunduz bo‘lishini hisobga olgan holda tuziladi va Pedagogik kengashning qarori bilan tasdiqlanadi.
43. Maktab-internat o‘quvchilari uchun kiyim namunalari va ularni kiyish qoidalari, shuningdek ushbu ta’lim muassasasining o‘ziga xosligini aks ettiruvchi ramziy belgilar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

44. Maktab-internat faoliyatini moliyalashtirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar;
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining byudjetdan tashqari mablag‘lari;
homiylik mablag‘lari (beg‘araz yordam) va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
45. Maktab-internatni moliyalashtirish belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq amalga oshiriladi.
46. Maktab-internatga qo‘shimcha byudjetdan tashqari mablag‘larni jalb etish byudjetdan moliyalashtirish pasayishiga olib kelmaydi.
47. Maktab-internatning o‘quv, laboratoriya xonalari va boshqa ob’ektlarini jihozlash, davlat ta’lim standartlari talablariga muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim jarayonini moddiy-texnik ta’minlashning normativlari bo‘yicha amalga oshiriladi.
48. Maktab-internat o‘quvchilarini oziq-ovqat, kiyim-kechak, poyabzal, yumshoq anjomlar va boshqa zarur buyumlar bilan ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan me’yorlarga asosan amalga oshiriladi.
49. Maktab-internat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda buxgalteriya hisobini, statistika va buxgalteriya hisobotlarini yuritadi.
50. Maktab-internat moddiy-texnik bazasi zarur imoratlar, sport inshootlari, kommunikatsiyalar, asbob-anjomlar, transport vositalari hamda o‘qitish, tarbiyalash va ta’lim-tarbiya sohasidagi boshqa vazifalarni hal etishda foydalaniladigan boshqa mol-mulkdan iborat bo‘ladi.
51. Maktab-internatda xo‘jalik va moliyaviy intizomga rioya etilishini nazorat qilish ichki ishlar organlarining vakolatli xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi.

52. Maktab-internatni tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
53. Mazkur Ustavni qo‘llash bilan bog‘liq yuzaga keladigan kelishmovchiliklar qonun hujjatlariga muvofiq hal etiladi.